Dasturlash meniki emasmi? 2-voqea

Khumoyun Inoyatov
7 min readJun 15, 2021

--

Ikkinchi voqea 2019-yil mart oyida yuz berdi, birinchi voqea bilan ikkinchi voqea orasida deyarli 2 yil vaqt o’tdi, lekin orada OKS Technologies deb nomlangan web-studiyaga ishga kirdim, o’sha paytda 2 kursni bitrgan talaba sifatida o’zimga olayotgan 1.5mln oyligim bemalol yetardi va ish atmosferasi yoqardi. Eng asosiysi u studiyada meni aynan karyera tomondan shu paytgacha qo’llab quvvatlab kelayotgan ustozim Maqsud Karimov bilan tanishdim. U yerda HTML+CSS bilan ishlash qobilaytlarim ancha yaxshilandi, Toshkent Fotografiya Uyi, O’zbekiston Prokraturasi Akademiyasi, Kun.uz — Yangliklar portali va keng omma uchun taqdim etilmagan yana 2 ta loyihani ustida ishlab tugatdim.

OKS Technologies kompaniyasida ishlayotgan paytim, do’stim Nuruddin Iminohunov menga o’zi ishlaydigan kompaniya ya’ni Super Dispatch deb nomlangan Amerikada marketing va sotuv bo’limi joylashgan, Toshkentda esa dasturiy ta’minot qismi ishlab chiqariladigan kompaniyaga ishga kirishga urunib ko’rishga taklif berdi. Birinchi urunishda bu ish qo’limdan kelmadi, ikkinchi urunishda esa 2019-yil yangi yildan song muvaffaqiyatli Super Dispatch kompaniyasiga 3 oy sinov muddati bilan stajirovkaga qabul qilindim. Bu 3 oy ichida men Junior dasturchi lavozimiga loyiq ekanligimni ko’rsatishim kerak edi, menga alohida Senior dasturchi biriktirildi va brokerlar bilan ishlovchi platforma ustida ish olib borayotgan jamoaga qo’shib qo’yishdi. Jamoada 3 ta backend dasturchi, 1 ta dizayner, 3 ta Frontendchi va QA ya’ni sifat nazoratiga qaraydigan ishchilar bor edi. Bu kompaniyada ishlash mobaynida men o’zimni Google yo Facebookga ishga kirgan odamdan ham bahtliroq his qilardim, chunki hamma uchun o’ziga yetarli darajada ish berilgan ko’p ham emas, kam ham emas. Har bitta va’zifani bajarmasdan oldin u haqida puhta o’ylaniladi va jamoa bilan ko’rib chiqilib haftalik rejalar tuziladi. Aynan shu yerda men Agile, Scrum, Kanban degan ish boshqaruv metodologiyalari haqida eshitdim va ularni amalda qo’llagan holda ishlay boshladim.

Umuman OKS ga solishtirganda Super Dispatch jamoasi boshqa dunyo edi men uchun, jamoada 40 nafardan ko’proq ishchi bor edi va bu esa OKS dan deyarli 3 baravar ko’p. OKSdagi O’zbekistonning 12 ta viloyatidan yig’ilgan sodda dasturchilar jamoasidan farqli o’laroq, Super Dispatchda “Yevropalashgan” O’zbeklar va O’zbek millatiga mansub bo’lmagan ishchilar asosiy qismni tashkil qilardi. Menga bu bir tomondan yoqsa, ikkinchi tomondan jamoa bilan til topishib ketishimga tosqinlik qilardi. Negaki, men maktab va litseyni ham milliy ya’ni O’zbekcha sinflarda o’qiganman, oilam ham eng oddiy o’zbek oilasi bo’lganligi uchun.

JavaScript va Reactning asoslariga endi qadam qo’ygan yosh dasturchi uchun jamoamiz shug’illanadigan platformaning kodlari menga tushinish uchun juda ham qiyinlik qilardi. Chunki undan oldin, tayyor kutubxonalardan foydalanib, faqatgina web saytlarni verstka qismini HTML+CSS da yozib yurgan men uchun, oddiygina bir tugmachani bir tomondan ikkinchi tomonga surish kodini topib o’zgartirish soatlab vaqt olishi mumkin edi. Loyiha kodlari strukturasi va yozilish stilistikasi men videodarslarda ko’rib o’rganib yurgan strukturadan tubdan farq qilardi, har bir komponent, har bir funksiya uchun avtomatlashtirilgan testlar yozilardi. Aynan bo’sh vaqtimda men Senior dasturchiga quloq solib test yozishni o’rganib, yozilgan kodlarga birin ketin testlar yozib chiqar edim. Lekin oddiy bir elementni qayerdan olinib qayerda qanday ishlashi anglab yetgunimcha kun kech bo’lib, barcha office dan ketishga hozirlanib qolardi. Bunga qaramasdan men, menga yuklatilgan vazifalarni qo’limdan kelgancha bajarardim va savollarim paydo bo’lsa, Senior dasturchidan menga yordam berishini so’rardim, u ham hech erinmasdan menga kod yozishimga yordam berar va qo’lidan kelgancha tushuntirib berar edi. Xullas, ish jarayoni aynan shunday qiyinchiklar bilan davom etib va 2 oydan so’ng qaytmas nuqtaga borib yetdi.

Oxirgi martta ishga borgan kunim, ertalab kompaniyamiz Texnik Direktori Farhodjon Chinberdievni men ko’chada jamoamiz yetakchisi (TeamLead) Rustam aka bilan kofe ichib ko’chada suhbatlashib yurishganini ko’rdim va officega kirib o’z ishimni bajarishni boshladim va sinov muddatida menga yordam beruvchi sifatida tayinlangan Dianadan, Rustamaka bilan Farhodjon aka ko’chada nega aylanib yurishganini so’radim va u menga har oy Farhodjon aka kompaniya ishchilarini birma bir “Coffee Talk” ya’ni kofe ustida suhbat orqali, ish jarayoni, jamoa va kamchiliklar haqida so’rashlarini aytdi. Ko’nglim hotirjam bo’lsa ham, qandaydir hissiyot yomon xabar kelshini sezayotgandek notinchlik uyg’otardi. Peshin paytidan so’ng, Farhodjon aka meni ham tashqariga suhbat uchun chaqirdilar, meni fikrimda ular bilan hozir men ham oddiygina “Coffee Talk” orqali suhbat qilaman deb, ko’ngilni hotirjam qilib ko’chaga chiqdim va suhbatimiz boshlandi. Ular mendan ishim va o’zim haqimda hol-ahvol so’raganlaridan so’ng, “Humoyun, biz siz bilan hayrlashmoqchimiz” degan gapni aytdilar va bu gapni hazilga oldim. Negaki Farhodjon akani jiddiy yuz bilan, “qo’rqinchili” hazil qilish odatlari bor edi. Shuning uchun ham men “Farhodjon aka hazillashyapsizmi?” deb so’radim va unga javoban men jamoada yaxshi ishlayolmayapganimni, vazifalarimni to’la to’kkis bajarolmayapganimni va eng asosiysi Senior dasturchini o’z savollarim bilan vaqtini olayotganim uchun u o’z vazifalarini ham vaqtida bajara olmayapganini aytdilar. Men bu gapdan keyin oddiygina qilib aytganda o’zimni yoqotib qo’ydim va tanamni sovuq titroq bosdi. Gaplarga ishongim kelmadi, chunki men qo’limdan kelgan barcha ishni qilib, 3 bosqichli suhbatlardan so’ng, eski ishimdan bo’shab, bu kompaniyada kamida 3–4 yil ishlayman, tajriba orttiraman degan, katta orzu umidlar bilan ishga joylashgandim.

Farhodjon akadan men bu qarorni o’zgartirish mumkinligi haqida so’radim, hattoki ishda qoldiradigan bo’lishsa, tajriba orttirib yaxshi natijalar ko’rsatmgunimcha tekinga bo’lsa ham ishlashga roziligimni aytdim. Ularning javoblari esa quyidagicha bo’ldi, “Humoyun, gap pulda emas, barcha qarorni Senior dasturchi qabul qildi, bizga uning qilayotgan ishi juda ham muhim, siz uni vaqtini olganingiz sababli, ishlarini qilib ulgurmay qolyapti, bu biznes uchun juda ham yomon ta’sir o’tkazadi. Sizning oyligingiz biz uchun katta summa emas, agar Senior dasturchi rozi bo’ladigan bo’lsa, men sizni shunday ham qoldiraveraman, aksincha bo’ladigan bo’lsa, meni sizga eng katta maslahatim jamoa yetakchisi va senior dasturchidan feedback ya’ni ularni siz haqingizdagi fikr-mulohazalarini so’rab keting, chunki bu juda ham katta foyda beradi. Oxirgisi bo’lsa, hozircha ishlamay turing, ko’proq tajriba yig’ib fundamental bilimlarni yaxshilaganingizdan so’ngragina ishlang. Yozda kelsangiz balkim o’zimiz qaytib ishga qabul qilarmiz, hozircha esa faqat o’qing”.

Bu gapni eshitib, Senior dasturchini alohida gaplashib olish uchun chaqirdim va qarorini o’zgartirishini iltimos qilib so’radim. Lekin u “Humoyun, qarorim qat’iy uni o’zgartirmayman, sen bu kompaniyada ishlash uchun hali tajribang kam va yetarlikcha harakat qilmading, chunki va’zifani qilish uchun kod yozish jarayonida uning ma’ntig’ini tushunishdan ko’ra, natijaga erishishga harakat qilding. Kodlarni internetdan ko’p ko’chirasan, hop, barcha vaqtida shunday boshlagan, lekin yaxshi dasturchi bo’laman desang, kodni ko’chirmasdan oldin uni to’liq mantig’ini tushinishga, yoki undan ham yaxshirog’i uni to’liq o’zing yozishga harakat qilishing kerak. Senda bu ko’nikma yaxshi shakillanmagan, shuning uchun ham hozir sen ketishing kerak. Maslahatim boshqa ish topib ishlama, avval yaxshilab o’qi, so’ngra keyin yana bu yerga qaytib kelishga harakat qilib ko’r. Meni ham bir paytlar ketkazib yuborishgan va keyin o’zlari ishga chaqirib olishgan. Balkim senda ham shunday bo’lar. Hozir esa meni ko’p vaqtimni olyapsan” deb aytdi.

Shundan so’ng dunyo ko’zimga qorong’u ko’rinib ketdi, u paytdagi holatni tog’risini aytsam so’zlar bilan to’liq tasvirlab berolmayman, “Nahotki men dasturchi emasman, nahotki qo’limdan hech narsa kelmaydi, ko’chirib bo’lsa ham natijaga erishdimku, o’zim shu narsani yozishni bilmasam, qo’limdan kelmasa, o’rganish uchun ham ko’chiramanku. Nega avvalroq bu narsani menga aytishmadi, qo’limdan kelmayapgani va halaqt berayotganimni, yoki o’zim shunchalik nodonmanmi, ishoralar orqali ham buni tushunib ololmaydigan. Endi nima qilaman? Barchaga shunday kompaniyada ishlayman deb aytganman, qo’limdan kelmasdan haydab yuborishganini odamlar bilsa nima bo’ladi. Dasturchi bo’lib ishlolmasam endi nima qilaman, boshimni qaysi toshga borib uraman, ertaga oilamni zorg’a boqadigan oddiygina ish bilan shug’illanishimga tog’ri keladimi?” shunday savollar meni qiynadi va ko’chada bir oz turib ko’zimga yosh olib, o’zimga kelganimdan so’ng ustozim Maqsud akaga qong’iroq qildim, vaziyatni tushuntirdim, ular boshida oldindan ogohlantirish berilmasdan meni haydashganiga achchig’lari chiqdi va songra meni ovutishga harakat qilib quyidagi gaplarni aytdilar, “Humoyun siqilmang, hammasi hali yaxshi bo’ladi, hali zo’r dasturchi bo’lasiz, bundan ham yaxshiroq ish topasiz, o’rganasiz, endi ko’pro kitoblar o’qiysiz, o’zizni ustizda harakat qilasiz, yiqilgandan keyin turish kerak, qolib ketish emas, o’zim yo’l yo’riq ko’rsataman. Bularning barchasi yaxshilikka. Hozir bo’lsa, o’zingizni tutib olib ishingizni tugatib keting u yerdan, keyin bo’lsa ikkita yo’ldan bittasini tanlang, ular aytishgandek hozircha ishni yeg’ishtirib qo’yib faqat o’rganing yoki oddiyroq lavozimga ishga kirib ishlang. Ikkala holatda ham, men siz tarafingizdaman va qo’limdan kelgancha yordam beraman, o’ylab ko’ring 3–4 kun, bir qarorga kelganingizdan so’ng esa, reja tuzamiz”.

Matematikaga va dasturlashga qobilyati bor ko’p insonlar kitoblar orqali o’rganishga ko’proq layoqatli bo’lishadi. Ammo bunday xususiyat menda yaxshi shakillanmaganligi uchun, men ikkinchi yo’lni ya’ni oddiyroq lavozimga ishga kirib ishlashni tanladim. Chunki aynan ish jarayoni paytida menda, o’rganish osonroq bo’lgan hardoim, kitoblarni o’qib ularni amalda qo’llaguncha ko’pgina narsalar esimdan chiqib ketishini o’zimda ko’p kuzatganman. Ishlashni davom ettirishga qaror qilganimdan so’ng, Telegramda berilgan e’lon orqali Turon Telecom kompaniyasining da’sturiy ta’minot bilan shug’illanadigan bo’limiga muvaffaqiyatli suhbatlardan o’tib ishga qabul qilindim. Senior dasturchi menga aytgan gaplardan keyin, bu hatolik qaytarilmasligi uchun, o’zimni ustimda yana ham ko’proq ishladim, yozayotgan kodimni qanday ishlashishini tushunish uchun va nega tog’ri yoki notog’ri ishlayotganini anglash uchun uni yozishdan ko’ra ko’proq vaqt sarfladim. Oxir oqibat, o’zgarishlar o’zini ta’sirini ko’rsatib, men o’zim kutgan natijalarimga erishdim.

Bu ish o’rnimda men, 1.5 yil davomida ishladim va hozirgacha to’liq o’zim qilgan eng katta loyiham bo’lgan Cinerama kinoportalining frontend qismini to’liq tugatib ishga tushirdim.

Xulosa

Bu voqeadan men o’zimga quyidagilarni xulosa qilib tushundim:

  • Katta kompaniyada katta ma’suliyatlar bo’ladi, faqatgina ulardan qo’rmasangiz unday joylarda ishlash kerak.
  • Siz yomon holat deb tushinilgan ish, ko’pincha o’zi yaxshilik uchun bo’ladi, chunki har bir ishnining o’zini hikmati bor. Buni, o’z shaxsiy tajribamda bir necha bor ko’rdim.
  • Yozayotgan kodni to’liq tushunish shart, to’g’ri ishlasa ham, notog’ri ishlasa ham, ishlayaptiku deb tashlab ketish hech qachon o’sishga olib kelmaydi. Tushingandan so’ng ham, uni yaxshiroq, osonroq va tushunarliroq yo’lda yozib ko’rishga harakat qilish kerak.
  • Internetdan tayyor kodni yokida yechimni ko’chirmasdan oldin, uni qanday ishlayotganini albatta tekshirib tushinish shart.
  • Yiqilgandan keyin albatta o’zingizda turishga nima qilib bo’lmasin kuch topishga harakat qiling, chunki yengilganingizni tan olib ketadigan bo’lsangiz, hech qachon oldingidan ko’ra yaxshiroq bo’lmaydi.
  • Sizga shirin yolg’ondan ko’ra, achchiq haqiqatni aytadigan insonlarni ko’proq qadrlang, chunki haqiqat hardoim sizga ko’proq kuch beradi.
  • Iloji boricha, o’zingizni oldingizda ustoz deb atay oladigan, sizdan ozgina bo’lsa ham ko’proq narsani bilib, o’rgatadigan insoningiz bo’lsin, chunki ozgina bo’lsa ham ko’proq tajribaga ega odam, sizning fikrlashingizni tubdan o’zgartirib, tog’ri maslahlar beradi.
  • Qiyinchilik hardoim ham bo’ladi, lekin unga qarshi turib yengib chiqish kerak. Asosiysi, bu qiyinchiklarga bo’lgan munosabatingizni tog’rlash kerak, bunday holatlarlarni sizni sindirish deb emas, o’sish uchun imkoniyat deb biling.

Agar sizga hikoya yoqgan bo’lsa, iltimos uni boshqa dasturlashni o’rganayotgan insonlar bilan ulashing, hikoya ostida o’z izohlaringizni qoldiring va qarsak 👏🏻 chalib qo’ying :)

Telegram kanal orqali o’qiyotganlar esa, hikoya yoqgan bo’lsa o’z izohlaringiz bilan birgalikda “+” larni ham qoldirib keting.

Telegram kanal:

https://t.me/khumoyun_codes

Birinchi voqea:

https://khumoyun.medium.com/dasturlash-meniki-emasmi-1-voqea-d7b4aa6381b

--

--