Dasturlash meniki emasmi? 1-voqea

Khumoyun Inoyatov
4 min readFeb 16, 2021

--

Getty Images

2016-yil Toshkent Shahridagi INHA Universitetiga qabul qilinganimdan so’ng, bizda dasturlash darsi boshlandi va biz OOP (Object Oriented Programming — Obyektga Yo’nalitirlgan Dasturlash) fanini o’qishni boshladik. Bu fan talabalarga C++ dasturlash tili orqali dasturlashga kirish qismini o’rgatadigan kurs edi. Men ozgina bo’lsa ham dasturlash nima va u orqali nimalar qilsa bo’ladi degan tushuncham borligi va ozgina HTML/CSS dan xabarim borligi uchun universitetda dasturlash o’rganishim juda ham oson kechadi deb yurgan paytimda, bu kursni o’rganish juda ham og’ir kechdi. Eng oddiy shartlar operatori (if/else) dan boshlab, funksiya, obyekt, pointerlarni tushunish men uchun tim qorong’ida katta omborni ichida somon orasidan igna qidirshdek bo’lib tuyildi (yokida matematikadagi “Mingyillik Muammolari”dan biri bo’lgan Puankare Gipotezasini isbotlash). Boshlang’ich matematikani yaxshi bilish yoki ingliz tilini bilish hech qaysisi bu jarayonni yengilishtirishga yordam bermadi. Oxir oqibat semestr songida, olish mumkin bo’lgan eng past baho bilan kursni tamomladim. Bu holatdan song men dasturlashga yaroqsizman, qo’liman kelmaydi, nega aynan bu sohani tanladim deb o’zimni o’zim ichimdan yeyishni boshladim, shuncha yil o’qigan matematika, ingliz tili kurslarim va ota-onam to’layotgan 15 Million so’mlik kontrakt puliga loyiq emasman deb universitetni tashlab ketish yokida soxamni o’zgartirish hayoli keldi. So’ngra ikkinchi yo’l menga ko’proq mos deb o’ylab, Janubiy Koreadagi INHA Universitetida ochilayotgan yangi fakultet “Global Convergence Studies” ga qabul ketayotganini bilib, o’z xujjatlarimni topshirib, universitetga qabul qilindim. Qo’limda qabul qilinganligim haqida sertifikat va universitet tomonidan sovg’a qilingan ruchkani ko’tarib uyga qaytdim. Ota-onamga meni Koreadagi INHA Universitetiga qabul qilishganligi haqida aytganimda, ularni ko’zida nur paydo bo’ldi. Ular juda xursand bo’lishdi, nima bo’lsa ham tayyorligini, agar kontrakt puli hozirgidan ko’proq bo’lsa ham to’lashga tayyorligini aytishdi. Lekin meni ichimni esa ma’suliyat hissi yemirib borardi va nima qilishga boshim qotgan edi. Bu vaziyatga tog’ri baho berish maqsadida, 8 yildan beri Janubiy Koreada yashab, o’sha paytlar doktorlik ishini olib borayotgan akam bilan qong’iroqlashdim. Dasturlashni o’rganolmayatganligimni aytmasam ham, IT soxasida menga o’qish qiyin bo’layotganini va soxamni o’zgartirmoqchiligimni aytdim. Akam bunga javoban: “Hozir IT soxasini o’qolmadim deb tashlab ketsang, ertaga yangi o’qish boshlagan soxangni ham tashlab ketishing mumkinmi?” degan savolni berdilar. Bu savolga javob berolmaganimdan keyin, shunday va’ziyat bo’lshi mumkinligin tushundim va qolganlardan ham maslahat olay deb Facebook ijtimoiy tarmog’idagi sahifamga: “Men quyidagi fakultetga o’qishga kirdim, Koreaga o’qishga ketmoqchiman, bu haqida bir qarorga kela olmayapman, IT sohasiga o’zim qiziqaman, lekin chet elda o’qish orzuim” degan ma’noda post yozib qo’ydim. Ko’plar meni tabriklashdi, hammasi yaxshi bo’lishini, ko’nglimga taskin berib Koreaga ketsam yaxshi bo’lishini aytishdi. Faqatgina, o’zim o’qiyotgan universitetda dars beradigan Chongkoo An ismli professor menga boshqacha javob yozdi: “Koreadagi mahalliy talabalar, yoshligidan universitetda o’qishni orzu qilib tunu-kun o’qib harakat qilib universitetga kiradi va universitetda o’qiydi. Bu jarayonda ham, ular o’zaro raqobat kuchliligdan tunlari ham kutubxonalarda yotib qolishadi va hech narsaga chalg’imasdan, boshini kitobdan ko’tarmasdan faqatgina o’qishadi. Sen ham shunday raqobatga tayyormisan? Agar ha deb javob bersang, unda hayolindan Koreaga borsam “maza qilib yashayman”, turli xil chet ellik do’stlar orttiraman degan fikrni boshindan chiqarib tashla. Agar yo’q desang, vataningda qolib ham soxangni sevib o’rgansang, qo’lingdan ko’p ish keladi. Yuraginga quloq sol!”.

Koreadagi INHA Universitetiga qabul qilinganligim haqida sertifikat

Men bu savoldan so’ng, 2ta narsani tushundim.

1. Hozirgi harakatim va fikrlashim bilan Koreaga o’qishga ketsam, vaziyat hozirgidan ko’ra yomon tomonga o’zgaradi, chunki raqobatga dosh bera olmayman.

2. IT meniki, lekin unga kirishni men boshqa tomondan boshladim.

Yuqoridagi hodisadan so’ng men, mendan baland kurslarda o’qiydigan talabalar yig’ilgan “IUTLab” nomli tashkilotga “Frontend dasturchi” sifatida a’zo bo’ldim va o’zimni dasturlashga kirish yo’limni qaytadan boshladim. Bu holat meni hayotimda keskin burilish yasamagan bo’lsa ham, men o’zimni dasturchilar muhitiga kiritganim juda ham katta foyda berdi. Chunki inson muhitga qarab o’zgarar ekan. Dasturchilarni o’zaro suhbatlashishi, muloqot yo’llari va fikrlashini ko’riboq menda dasturlashga bo’lgan qiziqish yanada ortdi. Bundan tashqari, mendan ko’ra bilimli insonlarni orasida tushunmagan savollarimga javob olish va o’rganish jarayonidagi xatoliklarni topish ancha osonlashdi. Masalan, moslashuvchan sahifani faqatgina Bootstrap orqali qilmasa ham bo’lishini do’stim Muhammadaka Karimovda o’rgatgan edilar. Shunday qilib men birinchi safar o’zimni tushkunlik botqog’idan olib chiqib ketdim.

Xulosa:

  1. Muammoga yechim topa olmasangiz, unga boshqa tomondan qarang, dasturlash sizniki bo’lishi mumkin, lekin siz boshqa tomondan unga qadam qo’ygandirsiz.
  2. Muhitni o’zgartiring, o’zingizni atrofingizga dasturlashga mukkasidan ketgan insonlar bilan o’rang.
  3. Savol so’rash uchun hardoim sizdan bilimi kuchli bo’lgan kamida bir inson bo’lsin.
  4. Biron bir narsadan voz kechmoqchi bo’lsangiz, yokida qila olishingizga ko’zingiz yetmayatgan bo’lsa, boshqalardan maslahat va yordam so’rashga uyalmang, zero, sizning fikringiz hardoim ham tog’ri qolganlarniki notog’ri, yokida aksincha bo’lmasligi mumkin.

--

--